Politsiyachini 180 km/soat tezlikda ketayotgan mashinadan uloqtirmoqchi bo‘lgan migrant 4 yilga kesildi

Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyat sudida noodatiy jinoyat ishi bo‘yicha apellatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, Rossiyadan majburiy "deport" qilinayotgan vaqtda qochishga uringan chet el fuqarosining dastlabki 2 yillik qamoq jazosi 4 yilga uzaytirildi.
Sud materiallariga ko‘ra, muqaddam sudlanmagan chet el fuqarosi Rossiya hududida ma’muriy qonunbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sud unga nisbatan shunchaki jarima qo‘llash bilan cheklanmasdan, uni mamlakatdan majburiy tartibda chiqarib yuborish (deportatsiya) haqida qaror chiqargan.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida migrant xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash maxsus markaziga joylashtirilgan. Biroq, u vatandoshlarining yordami bilan u yerdan qochish rejasini tuzgan.
Markazdan qochishga muvaffaq bo‘lgan migrant o‘zini ko‘chada kutib turgan sevgilisi — Sakmar tumanida yashovchi mahalliy rus ayolining avtomobiliga yugurib borib o‘tirgan. Biroq, qochqinning ortidan quvib kelayotgan politsiya tezkor xodimi (operativnik) ham jonini xavfga qo‘yib, mashina harakatlanishni boshlagan soniyalarda uning saloniga kirishga ulgurgan.
Ayol politsiyachining mashinaga kirganiga qaramasdan gaz pedalini oxirigacha bosgan va mashina tezligini soatiga 180 kilometrgacha ko‘targan. Mashina saloni ichida esa haqiqiy daxshat boshlangan:
- Xorijiy fuqaro salondagi politsiyachini ayovsiz do‘pposlay boshlagan va uni mana shu dahshatli tezlikda ketayotgan mashina eshigini ochib, tashqariga uloqtirishga uringan.
- Avtomobilni boshqarayotgan ayol esa tezlikni pasaytirmasdan, politsiyachini o‘ldirish bilan tahdid qilgan va yonidagi otvyortkani olib, uning oyoqlariga ikki marta qattiq zarba bergan.
Politsiya xodimining jasorati va baxtli tasodif tufayli xodim mashinadan tushib ketmagan, fojianing oldi olinib, transport vositasi to‘xtatilgan va ikkala jinoyatchi ham voqea joyida qo‘lga olingan.
Belyayevskiy tuman sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib, iyul oyi boshida hukm e’lon qilgan edi. Sudlanuvchilar o‘zlarining harakatlari politsiyachining hayotiga real xavf tug‘dirmaganini aytib, o‘zlarini oqlashga urinishgan. Biroq sud ularni davlat xizmatchisiga nisbatan hayot uchun xavfli zo‘ravonlik qilishda aybdor deb topdi.
O‘shanda ayolning muqaddam sudlanmagani va diniy tashkilotga xayriya qilgani inobatga olinib, unga 1,5 yil umumiy tartibli koloniya jazosi berilgan. Migrantga esa 2 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. Bundan tashqari, sud ularga jabrlanuvchiga mos ravishda 130 ming va 100 ming rubl miqdorida ma’naviy zarar to‘lash majburiyatini yuklagan.
Prokuratura noroziligi va yakuniy hukm
Orenburg viloyati prokuraturasi ushbu jazo muddatlarini sodir etilgan vahshiylikka nisbatan o‘ta yengil deb hisobladi va apellatsiya sudi orqali jazoni kuchaytirishni talab qildi.
Orenburg viloyat sudi prokuratura protestini to‘liq qonuniy deb topdi. Yangi sud hukmiga ko‘ra, erkak kishining qamoq muddati 4 yilga (ikki baravarga) uzaytirildi. Jinoyatga sherik bo‘lgan ayolning jazosi esa birinchi instansiya qaroriga nisbatan atigi bir oyga kamaytirildi. Sudning ushbu qarori yakuniy bo‘lib, rasman ijroga qaratildi.








